Amerika razvedkasi maʼlumotlariga koʻra, Xitoy Xalq ozodlik armiyasi oʻzining “josus” sharlari yordamida Xitoy uchun strategik ahamiyatga ega mamlakatlar, jumladan Yaponiya, Hindiston, Vyetnam, Tayvan va Filippindagi harbiy obyektlar haqida maʼlumot toʻplagan. Bu haqda The Washington Post AQSHning bir qancha rasmiylariga tayanib, xabar berdi.
Ushbu havo sharlaridan biri Xitoyning janubiy qirg‘oqlari yaqinidagi Xaynan provinsiyasi yaqinida bir necha yillardan beri uchib yuribdi, deb yozadi gazeta. Manbalarga ko‘ra, XXR havo kuchlari tomonidan qo‘llangan Xitoy razvedka sharlari besh qit’ada aniqlangan.
“Xitoyliklar juda eski texnologiyani olib, boshqa mamlakatlar harbiylari haqida razvedka ma’lumotlarini to‘plash uchun uni zamonaviy aloqa va kuzatuv vositalari bilan birlashtirgan”, — dedi rasmiylardan biri.
6-fevral, dushanba kuni AQSH Davlat kotibi o‘rinbosari Vendi Sherman 40 ga yaqin davlat elchixonalaridan 150 ga yaqin kishiga Xitoyning “josus” sharlari haqida ma’lumot berdi, dedi AQSH prezidenti ma’muriyatining yuqori lavozimli mulozimi. Davlat departamenti, shuningdek, AQSHning har bir elchixonasiga ittifoqchilar va sheriklar bilan bo‘lishish uchun “batafsil ma’lumot” yuborgan. AQSH Pekin tomonidan harbiy obyektlari nishonga olingan Yaponiya singari davlatlar rasmiylari bilan tafsilotlarni alohida o‘rtoqlashdi.
Eslatib o‘tamiz, yanvar oyi oxirida Xitoy shari AQSH havo hududiga kirgani aniqlandi. Xitoy tomoni ta’kidlashicha, qurilma shamol tufayli yo‘nalishidan og‘ib ketgan meteorologik zond edi. Biroq Vashington sharni josus deb hisoblamoqda. Qurilma Jo Baydenning buyrug‘i bilan 4-fevral kuni havo-havo raketasi yordamida urib tushirildi. Pekin bu borada Vashingtonga norozilik bildirdi. Bu voqea ortidan Davlat kotibi Entoni Blinkenning Xitoyga tashrifi bekor qilindi.